TOShKENT, 12-may — Sputnik. Farg‘ona shahrida migrantlarga Rossiyada ishlash uchun patent olishda lozim bo‘ladigan hujjatlarni tayyorlash va mehnat migrantlariga axborot-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi ochiladi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda bildirilishicha, 11-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligida Rossiyaning mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish Uyushmasi vitse-prezidenti Yu.Sluskaya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari vazifasini bajaruvchi X.Asamov va Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Mehnat vaziri A.Abduhakimov uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4-5 aprel kunlari Rossiya Federatsiyasiga qilgan rasmiy safari davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida "O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilishga uyushgan holda jalb etish bo‘yicha kelishuv" va "O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida migratsiya sohasida mutasaddi organlar vakolatxonalarini ta’sis etish bo‘yicha kelishuv" imzolanganligini qayd etdi.
Mehnat vaziri mazkur kelishuvda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillari aks ettirilganligi va hozirda kelishuvlar mexanizmlarini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Rossiyaning mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish Uyushmasi vitse-prezidenti Yu.Sluskaya ishtirokchilarni Uyushma faoliyati bilan tanishtirdi va mehnat migrantlarini yollash borasidagi imkoniyatlarini bayon qildi.
Uning bildirishicha, Uyushma Rossiyada ehtiyoj bo‘lgan qurilish sohasidagi 3 mingga yaqin mutaxassislar – g‘isht teruvchi, betonchi, payvandlash mutaxassislari, bo‘yoqchi, chilangar, elektr mutaxassislari, shuningdek avtobus, tramvay/trolleybus, taksi va yuk mashinasi haydovchilarini tez orada ishga joylashtirish imkoniyatiga ega. Uyushmada mehnat migrantlarini huquqiy va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlovchi mutaxassislar hamda ular huquqlarini himoya qilish uchun yuqori malakali huquqshunoslar faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, Yu.Sluskaya Farg‘ona shahrida Uyushmaning Markazini ochish va mehnat migrantlariga patent olish uchun hujjatlarni tayyorlash (rus tili bilimi bo‘yicha sertifikat olish, hujjatlarni notarial tasdiqlash, Davlat tibbiy sug‘urtasi polisini rasmiylashtirish, daktiloskopiya, INN, Rossiya hududiga kirishga taqiq bor-yo‘qligini tekshirish va boshqalar) to‘g‘risidagi rejalari haqida ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
Mehmonning tashrif dasturida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligida uchrashuv o‘tkazish, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatidagi bir qator kasb-hunar kollejlariga safar qilish rejalashtirilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.