TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti "Gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Qaror matni lex.uz portalida keltirilgan.
Qarorga muvofiq, shu yilning iyunida tanlovlar natijalariga ko‘ra gaz ta’minoti obyektlari xususiy operatorlarga ishonchli boshqaruvga topshiriladi.
Xususiy operatorlarni tanlab olish bo‘yicha tanlov komissiyasi xususiy operatorlarga sotilgan tabiiy gaz qiymatining 21 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda vositachilik mukofotini belgilaydi.
Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va har bir viloyatda tabiiy gaz sotish bilan shug‘ullanadigan obyektlar ro‘yxati ko‘rsatib o‘tilgan.
Xususiy operatorlar ishchilar sonidan qat’i nazar yagona soliq to‘lovchilari hisoblanadi hamda tabiiy va suyultirilgan gaz sotuvidan kelib tushgan mablag‘lar bevosita "O‘ztransgaz" AKning hisobvaraqlariga kelib tushadi.
2017 yilning 1-iyunidan tabiiy gaz uchun qarzi bo‘lib tarmoqdan uzib qo‘yilgan iste’molchilar tarmoqqa qayta ulanish uchun eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida to‘lov to‘laydi.
Shuningdek, 2017-yil 1-oktabrdan e’tiboran tabiiy gazni hisoblash uskunalariga ega bo‘lmagan iste’molchilar tabiiy gaz uchun belgilangan tarif miqdorining ikki barobari miqdorida pul to‘laydi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.