TOShKENT, 11-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Pekinga yetib keldi, deb xabar qilmoqda Xitoy axborot agentligi.
O‘zbekiston prezidentining Xitoyga tashrifi besh kun davom etadi. 11-13 may kunlari O‘zbekiston prezidentining Xitoyga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi. Undan So‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi Pekinda bo‘lib o‘tadigan “Bitta belbog‘ – bitta yo‘l” xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Pekindagi "Shodu" aeroportida faxriy qorovul saf tortgan. O‘zbekiston prezidentini va uning rafiqasini Xitoy Xalq Respublikasining rasmiy shaxslari kutib olgan.
Bu O‘zbekiston prezidentining Xitoyga birinchi davlat tashrifidir. Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Szinpin, Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsan, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi Raisi Chjan Detszan va boshqa rahbarlar bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.
Muzokaralarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etiladi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashuvlar rejalashtirilgan. Oliy darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida hukumatlararo bitimlar va hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.