TOShKENT, 11-may – Sputnik. Ayni damda Toshkentda ShHT forumining XII majlisi boshlandi, deb xabar qilmoqda “Jahon” axborot agentligi.
2015-2016-yillarda O‘zbekistonning tashkilotga raisligi davrida ShHT faoliyatining samaradorligi va xalqaro nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilgani ta’kidlandi.
Xususan, O‘zbekiston raislik davrida muhim hujjat – ShHTning 15-yillik faoliyati yakunlari va istiqbolda uni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aks ettirilgan “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi.
Ikkinchidan, mintaqaning ikki yirik davlati — Hindiston va Pokistonni qo‘shib olish borasida muhim qadamlar qo‘yildi. Xususan, ushbu ikki mamlakat ShHTga a’zo bo‘lishi uchun bajarilishi kerak bo‘lgan majburiyatlar memorandumi imzolandi.
Shuningdek, ShHT davlatlari orasida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, turizm va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi.
Umuman olganda, Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘tgan yillardagi faoliyati davomida nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Bugungi davlatlararo munosabatlar tizimida xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashning samarali mexanizmga aylandi.
Tashkilot jahon hamjamiyati e’tiborini butun dunyoga jiddiy xavf solayotgan terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish masalalariga qaratmoqda.
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Forum majlisida ShHTga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar – Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston va Belarusning yetakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi va Kotibiyati hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.