TOShKENT, 11-may — Sputnik. 11-may kuni Qirg‘iziston Respublikasi Batken viloyatining Qadamjoy tumani va Qizil-qiya shahri faollari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.
Qirg‘iz delegatsiya Farg‘ona tumanidagi "Vodil" chegara postida tantanali kutib olindi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Vodil qishlog‘idagi Nigora Asqarova xonadonida tashkil etilgan o‘tovni ko‘zdan kechirishgan. "Qirg‘iz milliy urf-odat va an’analari asosidagi mazkur o‘tov ularda katta tassurot qoldirdi", — deyiladi xabarda.
Farg‘ona shahridagi tadbirkorlar markazida bo‘lib o‘tgan muloqotlar chinakam do‘stlik shodiyonasiga aylandi. Bu yerda Farg‘ona shahri hamda shahar va tumanlardagi korxonalar, kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
"Farg‘onaazot", "Kvars" aksiyadorlik jamiyatlari, "Sayqal", "Far antikvor invest", "Abror" kabi xususiy korxonalar tomonidan xalqaro talablar asosidagi sifatli mahsulotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu yerning o‘zida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar eksportini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Farg‘ona shahrining iqtisodiy salohiyati hamda tadbirkorlarning biznes loyihalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Bir kunlik safar mobaynida mehmonlar Farg‘ona shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar. Ular san’at saroyi, yopiq suzish havzasi, markaziy stadionda bo‘ldi. Shuningdek, Marg‘ilon shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ma’sudjon Sulaymonov, Farg‘ona.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.