TOShKENT, 10-may — Sputnik. Tojik va o‘zbek xalqlari madaniyati va san’atida mushtaraklik bor, dedi Tojikiston madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda, Tojikistonda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyat kunlari ochilish marosimida.
Vazir o‘tmishda ushbu rishtalar uzilganidan afsusda ekanini, lekin bundan buyon o‘zaro aloqalar davom etishiga va kelajakda tojikistonlik artistlar O‘zbekistonga kelishiga umid bildirdi.
Tojikistonda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston madaniyat kunlari ikki davlat o‘rtasida madaniyat yo‘nalishida kelgusida yaqin hamkorlik qilish, xususan teatr va kino san’ai hamda muzeylararo hamkorlik sohalarida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha yangi imkoniyatlarini ochib beradi, — deb Shamsiddin Orumbekzodaning so‘zlarini keltiradi Sputnik Tojikiston.
Eslatib o‘tamiz, 9-may kuni Tojikiston poytaxtiga 55 nafar o‘zbekistonlik artistlar, jumladan xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov, Maxmud Nomozov va xonanda Sevinch Mo‘minova, "O‘zbekiston" ashula va raqs davlat ansambli, "O‘zbekkino" xodimlari tashrif buyurdi.
Delegatsiyaga O‘zbekiston madaniyat vazirligi birinchi o‘rinbosari Minxojiddin Xojimatov boshchilik qildi. Mehmonlarni poytaxt aeroportida Tojikiston madaniyat birinchi o‘rinbosari Ibodulla Mashrab va boshqa mas’ul xodimlar kutib olishdi.
O‘zbekiston madaniyat kunlari rasmiy ochilish marosimi 10-may kuni soat 17-30 da Sadriddin Ayniy nomidagi Davlat akademik opera va balet teatrida o‘tkazildi.
O‘zbekistonlik artistlar 11-may kuni Qo‘rg‘ontepa va Tursunzoda shaharlarida katta konsert berishi rejalashtirilgan.
Madaniyat kunlarining rasmiy yopilish marosimi 12-may kuni soat 18-00 da Sadriddin Ayniy nomidagi Davlat akademik opera va balet teatrida o‘tkaziladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.