TOShKENT, 10-may — Sputnik. Toshkent shahar hokimligi obodonlashtirish xizmati xodimlari Abdulla Qodiriy va Navoiy shoh ko‘chalari o‘rtasida joylashgan Sharof Rashidov prospektida avtomobil qatnovini tiklash uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishdi, deb xabar qilindi O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda.
Bu yangilik poytaxtlik haydovchilar orasida katta shov-shuv ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Sababi, 2000-yillar boshlarida yo‘lning eng talabgir qismlaridan biri bo‘lgan bu ko‘cha (u shaharning markaziy qismini Yunusobod bilan bog‘lagan) nafaqat yopib tashlangan, balki butunlayicha yo‘q qilingan.
Yo‘q qilingan ko‘cha o‘rnida chim bostirilib, daraxtlar ekilgan va kechagina avtomobil qatnagan ko‘cha shu tariqa bo‘shab qolgan xiyobon ko‘rinishiga keltirilgan.
Ammo ushbu qaror qabul qilinishi tufayli aksariyat haydovchilar aylanma yo‘llar orqali harakatlanishga, jumladan, Oloy bozoridagi chorrahadan foydalanishga majbur bo‘ldilar. U yerda esa, tabiiyki avtomobillar soni keskin ortdi va tirbandliklarni keltirib chiqardi.
Sputnik O‘zbekiston muxbirlari ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida poytaxt matbuot-xizmati bilan bog‘lanishdi, afsuski, hokimlik izoh berishdan bosh tortdi.
Yangi ko‘cha ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan manzilga borgan muxbirlar ajablanarli manzara guvohi bo‘ldilar: obodonlashtirish xizmati ishchilari bu yerdagi daraxtlarni ehtiyotlik bilan qazib olib, boshqa joyga ko‘chirishga tayyorlayotgan edi.
"Hozircha daraxtlarni ikkiga ajratapmiz: qo‘l bilan qazib olinadigan va ekskavator yordamida qaziladigan turlarga. Bizga ularni imkon boricha ehtiyotlik bilan qazib olish vazifasi qo‘yilgan, daraxtlar o‘rnida nima paydo bo‘lishi esa aytilmagan. Biz bexabarmiz. Balki yo‘l ochilar, balki boshqa maqsad uchundir", — degan obodonlashtirish xizmati ishchilari.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.