TOShKENT, 8-may — Sputnik. 1944 yil. Urushda og‘ir jarohat olib uyiga qaytayotgan Hamid aka Samatov Kattaqo‘rg‘on vokzalida yog‘och uycha ichida sovuqdan yashirinib o‘tirgan bolaga ko‘zi tushadi.
Bolakay unga: "Dadenka, dayte xleb", — deb yuzlanadi. Hamid aka yo‘l xaltasidagi bir bo‘lak nonini unga beradi. Bolakay nonni yemasdan: "Dyadenka, dayte yeshe", — deydi yana.
Ko‘rinishi juda oriq bolakayga Hamid akaning rahmi keladi va uni o‘zi bilan uyiga olib keladi.
Tong saharda uyga kirib kelgan Hamid akani ota-onasi xursandchilik bilan kutib olishdi. O‘g‘li frontdan qaytib kelganiga albatta xursand bo‘lishdi, lekin uni yosh bola bilan ko‘rib: "Ha bolam, hamma urush qilayotganda, sen uylandingmi?", deb so‘rashadi. Hamid aka: "Yo‘q…", — deb bo‘lgan voqeani aytib beradi. Ular tushunib bosh egishadi.
Kattaqo‘rg‘onlik Hamid aka Samatov ko‘chada qarovsiz qolgan bolani ko‘rsa, chidab tura olmagan — uyiga olib kelavergan. Bir safar uch bolani, yana bir safar kuchugidan ajralishni istamagan bolakayni kuchugi bilan birga uyiga olib kelgan.
Eng qiyin, ochgarchilik vaqtlarni Hamid aka shunday eslaydi. "Uyda 13 bolakay, oziq-ovqat qolmagan. Bolalardan ikki nafari ochlikdan o‘lish arafasiga kelib qolgan". O‘shanda, u shinel va etigini olib bozorga chiqadi va ularni to‘rt xalta kepakka almashtirib keladi. Bolalar xursand bo‘ladi.
Lekin ertasi kuni voyenkom uni harbiy kiyimsiz ko‘rib, qattiq koyiydi, "Sen nima, frontovik bo‘la turib, shinel va etigingni sotib ichdingmi? Axir bu sharmandalik-ku" — deya jahl qiladi u.
- Yo‘q, o‘rtoq polkovnik. Men bolalarimga ovqat sotib olish uchun sotdim. "Nechta bolang bor?" - deb savol berilganda Hamid aka "13 ta", deb javob beradi. Polkovnik uning so‘zlariga ishonmay, shu kunning o‘zidayoq Hamid akaning uyiga mashinada keladi. Vaziyatni ko‘rib, biron so‘z aytmay Hamid akani quchoqlaydi… Shundan so‘ng uch yil davomida polkovnik Akimov Samad aka oilasiga doimo yordam yuborib turadi. "O‘sha, ocharchilik yillarida bu juda katta yordam bo‘ldi", — deya eslaydi Hamid aka.
Lekin shunday qiz topiladi. Qo‘shnisining qizi Sanobar Hamid akaga turmushga chiqishga rozi bo‘ladi. Bu voqea haqida Hamid aka asrab olgan to‘ng‘ich o‘g‘il San’at shunday eslaydi.
"Biz asrab olingan 13 bola edik. Hammamiz juda yosh edik. Bo‘lajak onamiz Sanobar aya uyimizga kelib bizni ko‘rdilar. U kishining nigohida iliqlik va mehribonlik sezilib turardi. Sanobar opa o‘zi 19 yoshda bo‘lishiga va bizning oilada bo‘lajak qiyinchiliklarga qaramasdan, biz bilan qolishga qaror qildilar. U kishi bir necha yillar davomida hammamizni yuvintirib, kiyintirib, ovqatimizni berdilar".
"Hamid aka va Sanobar opa, to bizlarni oyoqqa turg‘izmaguncha, ataylab, o‘z bolalarini dunyoga keltirishmadi. Keyinchalik esa ular besh o‘g‘il va bir qizli bo‘lishdi. Hozir ularning hamma bolalari o‘sib, ulg‘ayib, butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketishgan", — hikoyasini davom ettiradi San’at.
Hamid akaning barcha farzand, nevara va evaralari ushbu oilaga to‘plangan kunlarida, hovliga 100dan ortiq kishi jamlanadi.