TOShKENT, 8-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Emmanuel Makronni bo‘lib o‘tgan saylovlardagi ishonchli g‘alabasi va Fransiya Respublikasi prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Xabarda keltirilishicha, davlat rahbari Makronga yo‘llagan maktubida "ushbu yuqori va mas’uliyatli lavozimidagi faoliyati o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va ishonch tamoyillariga asoslangan an’anaviy va sermahsul O‘zbekiston-Fransiya hamkorligini yanada rivojlantirishga yo‘naltiriladi", deya ishonch bildirilgan.
Shavkat Mirziyoyev yangi saylangan prezidentga mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar, do‘st Fransiya xalqiga esa xotirjamlik hamda farovonlik tilagan.
Eslatib o‘tamiz, 7-may kuni Fransiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.
Saylovlarda 39 yashar Emmanuel Makron g‘olib chiqdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.