TOShKENT, 8-may — Sputnik. Samarqand viloyatida "Xotira va qadrlash kuni"ga alohida hozirlik ko‘rildi va ushbu sana o‘ziga xos tarzda keng nishonlandi, deb xabar qildi Samarqand hokimligi matbuot-xizmati.
Ta’kidlanishicha, Urush va mehnat faxriylari dastlab viloyat markazidagi Ko‘ksaroy maydonida jamuljam bo‘lishgan. Shundan so‘ng marosim Samarqand shahridagi Xotira maydonida davom etgan.
Insoniyat tarixidagi eng dahshatli va qirg‘inbarot urush deya tilga olinadigan II jahon urushida Samarqanddan 160 ming nafardan ziyod o‘zbekistonliklar jon olib jon berdi. Ularning salkam 47 ming nafariga urushdan qaytish nasib etmadi.
Shuningdek, sana munosabati bilan Mirziyoyev farmoniga asosan, viloyatda istiqomat kilayotgan II jahon urushi faxriylariga 2 million so‘mdan pul mukofoti topshirilgani, davlat rahbarining sovg‘alari ularning uylariga yetkazib berilgani ta’kidlangan.
Sana munosabati bilan urush va mehnat faxriylari uchun bayram dasturxoni yozilgan. Nuroniylar bir piyola choy ustida dildan suhbat qurdilar. Ularga sovg‘a-salomlar ulashilgan.
Sana munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar mahallalar, korxona va tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida davom etmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.