TOShKENT, 5-may — Sputnik. Vladimir Putin Rossiyada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Konfederatsiyalar kubogi va 2018-yilgi Jahon chempionati vaqtida xorijlik ishqibozlarning mamlakatga kirishlarini soddalashtiruvchi qonunga imzo chekdi. Qonun matni huquqiy ma’lumotlar rasmiy portalida keltirilgan.
Qonunchilikka kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra, ishqibozlar Rossiyaga vizasiz, "shaxsini tasdiqlovchi hujjat va elektron shakldagi tomoshabin shaxsiy kartasi" bilan kirishlari mumkin bo‘ladi. Bu imkoniyat chet elliklarga Konfederatsiyalar kubogi yoki JCh-2018 musobaqalarining birinchi uchrashuvi boshlanishidan 72 soat oldin beriladi va so‘nggi o‘yin o‘tkaziladigan kuni yakuniga yetadi.
Rossiyada shu yilning 17-iyun-2 iyul kunlari Konfederatsiyalar kubogi bo‘lib o‘tadi. Unda oltita qit’a chempionlari, mezbon mamlakat terma jamoasi va oxirgi jahon chempionati g‘olibi ishtirok etadi.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati esa 2018-yilning 14-iyunidan 15-iyuliga qadar bo‘lib o‘tadi. Chempionat uchrashuvlari Moskva, Kaliningrad, Sankt-Peterburg, Volgograd, Sochi va boshqa yirik shaharlarda o‘tkaziladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.