TOShKENT, 4-may — Sputnik. 2017 yil 10-12 may kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi, deb xabar berdi O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Zayd Raad al-Husayn BMTning Inson huquqlari bo‘yicha yettinchi oliy komissaridir. U AQShning Jons Xopkins universitetida gumanitar fanlar bakalavri va Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida falsafa doktori darajasini olgan. Diplomatiya sohasida yigirma yillik tajribaga ega.
2014 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari etib tayinlangan va ushbu lavozimdagi ilk Osiyo vakilidir. Bungacha Zayd Raad al-Husayn BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilgan. BMT oliy komissari sifatida 24 mamlakatga tashrif buyurgan.
Zayd Raad al-Husayn xalqaro huquq, xalqaro jinoiy sudlov, tinchlikparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish va yadroviy terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Xalqaro jinoyat sudini ta’sis etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar elementlarini aniqlash ishlarida ishtirok etgan. Arab, ingliz va fransuz tillarini biladi.
Zayd Raad al-Husayn mamlakatimizga tashrifi davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berishi va tashrif yakunlari bo‘yicha Xalqaro press-klubda jurnalistlar oldida chiqish qilishi kutilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.