TOShKENT, 1-may — Sputnik. GoEuro kompaniyasi saytida e’lon qilingan "Global High-Speed Train Ranking" reytingida O‘zbekiston poyezdlari 17-o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston — Markaziy Osiyo davlatlari orasida ushbu reytingga kiritilgan yagona davlat bo‘ldi.
Jadvalda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek poyezdlari tezligi soatiga 250 km ni tashkil qiladi. Rekord daraja esa — soatiga 255 km bo‘lgani qayd etilgan.
Reyting tuzishda poyezdlar tarkibining tezligi, operatsiya bajarilishi tezligi, temiryo‘l liniyasi qamrovi va aholi sig‘imi inobatga olingan. Shuningdek, bir kilometr masofa uchun narx ham ko‘rsatilib o‘tilgan. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 0,18 yevroni tashkil qilgan.
Eng tezurar poyezdlar reytingida yetakchi pog‘onalarni Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoy egalladi.
Eng zo‘r o‘ntalikka, shuningdek, Fransiya, Tayvan, Germaniya, Italiya, Avstriya va Turkiya kiritildi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.