TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbek she’riyatida o‘ziga xos teran fikrlari, kutilmagan tashbehlari, eng asosiysi, samimiy she’rlari bilan xalq qalbidan joy topa olgan ustoz ijodkorlardan biri, shubhasiz, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzodir.
Xalqning dilidagi gaplarni qog‘ozga ko‘chirayotgan, el ardog‘idagi shoir – Iqbol Mirzo bugun ellik yoshni qarshi olmoqda. Shu munosabat bilan shoir tug‘ilib o‘sgan Bag‘dod tumanidagi bir qator ta’lim muassasalarida ijodiy uchrashuvlar, she’rxonlik kechalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
"Bordon" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida xalq shoiri bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ishtirokchilarda boy taassurot qoldirdi.
"Muhtaram Prezidentimizning, umuman, xalqimizning siz yoshlardan umidi bisyor, — dedi ustoz shoir. – Sizlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan, bilim olishingiz, hunar egallashingiz uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. O‘zingizga bo‘lgan yuksak ishonchni hamisha chuqur his etib, faqat oldinga intiling, yangidan-yangi marralarni ko‘zlang".
Tadbirda maktab o‘quvchilari sevimli shoir qalamiga mansub she’rlardan namunalar o‘qidilar.
"Iqbol Mirzo bugungi kunda nafaqat shoir, balki davlat va jamoat arbobi sifatida ham fidoyilik namoyon etib kelmoqda, — dedi tuman hokimi. – Xususan, uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zoligiga ikkinchi marta tayinlanishi ham bu fikrimizni to‘la-to‘kis tasdiqlaydi. Mamlakatimiz fuqarolari turmush farovonligini yanada oshirish yo‘lidagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishida Iqboljon Mirzaaliyevning ishtiroki anchayin sezilarli bo‘layotir. Biz ana shunday inson bilan hamisha faxrlanamiz.
Tadbirda so‘z olganlar ustoz shoirning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, she’rlarida ilgari surilgan g‘oyalar insonlarni faqat va faqat ezgulikka – yurtni sevish va ardoqlashga, mehr-oqibatli bo‘lishga undashi xususida mulohaza yuritdilar.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar – To‘lqinjon Haydarov, Muhsinbek Mo‘minov, shuningdek, xushovoz xonandalar – Xurshidbek Rasulov, Bahodir Mamajonov singari el ardog‘idagi san’atkorlarning Iqbol Mirzo qalamiga mansub she’rlar asosida yaratilgan qo‘shiqlari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Oybek EShONQULOV, Ma’naviyat targ‘ibot markazi.