TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Qarshi shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga haykal o‘rnatiladi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari davomida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haykali loyihasi bilan tanishdi.
Davlat rahbari haykal loyihasini takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov nomidagi maktab va uning ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Davlat madhiyasining muallifi hisoblangan qahramon shoir — Abdulla Oripovning haykali Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida qad rostlaydi.
Abdulla Oripov 2016-yilning 5-noyabr kuni og‘ir xastalik tufayli 75 yoshida vafot etdi.
Shoir xalq, ona vatan va ularga bo‘lgan muhabbat haqida ko‘plab asar va dostonlar bitgan.
U shuningdek, Dante Aligyeri, Nikolay Nekrasov, Lesya Ukrainka, Taras Shevchenko, Qaysin Quliyev va boshqa ko‘plab jahon adabiyoti darg‘alarining asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Uning ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan biridir.
Abdulla Oripovga 1998-yilda "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni berilgan.