TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov shanba kuni aprelning oxirgi yakshanbasida nishonlanadigan Turkman tulpori kuni munosabati bilan o‘tkazilgan poygada g‘olib bo‘ldi, deb xabar qildi RIA Novosti.
1,2 kilometr masofaga chavandozlar poygasi prezidentning Axaltekin yilqichilik majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda prezidentdan tashqari mamlakatning besh viloyati va Ashxobod shahridan olti nafar eng tajribali chavandozlar qatnashdi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning Meros laqabli otini davlat rahbarining nabirasi Kerimguli Berdimuhamedov boqqan va poygaga tayyorlagan. Turkmaniston prezidenti o‘z otida marraga 1 daqiqa 25 soniyada yetib keldi va bosh sovrin — Toyota Land Cruiser Prado avtomobiliga ega bo‘ldi.
Davlat rahbari avtomobil kalitini mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Esenmirad Orazgeldiyevga bergan va "Orazgeldiyev, men ushbu sovrinni yilqichilarimizga rasman topshiraman", degan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.