TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga ishchi tashrifi doirasida ushbu davlat prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining rasmiy saytida xabar qilinmoqda.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston rahbarining shu yil martda Qozog‘istonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishi masalalari muhokama qilindi.
Qozog‘iston prezidenti rahbarlarning o‘tgan safargi uchrashuvidan buyon ikki mamlakat o‘rtasidagi tadbirkorlik faolligi oshganini e’tirof etdi.
O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama uchrashuvlarning tez-tez o‘tkazib turilishi davlatlaro munosabatlarning samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini qayd etdi.
O‘zbekiston prezidenti Nursulton Nazarboyevga Rossiyadan neft yetkazib berish masalasida hamkorlik qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Ikki davlat rahbarlari Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligining saqlanib qolishi va kelgusida yanada rivojlanishiga ishonch bildirdilar.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.