TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekiston bilan "Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish dasturi" loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida bitim imzolashni muhokama qilishdi. Bu haqda "Kun.uz" xabar qilmoqda.
Mazkur bitim doirasida O‘zbekiston hukumatiga qishloq xo‘jaligi sohasida tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish, fermerlarga zarur texnologiyalar, axborotlarni yetkazib berish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq holda Milliy oziq-ovqat dasturini olib kirish uchun 21 500 000 yevro miqdorida grant ajratadi. Shu tariqa YeI O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligini modernizatsiya va diversifikatsiya qilishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Piter Burian O‘zbekistonga tashrif buyurgani haqida xabar bergandik. Tashrif doirasida Toshkent shahrida qator vazirliklar, boshqarmalar diplomatik korpus vakillari, nodavlat tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Samarqand shahri mahalliy hokimiyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Delegatsiya YeI moliyaviy ko‘magi ostida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar faoliyati bilan tanishib chiqdi.
Piter Burian rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashib, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining siyosiy, savdo iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik sohalardagi hamkorligi holati va rivojlantirish istiqbollari hamda ayrim mintaqaviy masalalar muhokama qilinganini ta’kidlab o‘tdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.