TOShKENT, 28 apr – Sputnik. Qamchik dovoni orqali o‘tadigan yo‘lni yangilash ishlari Ozarbayjonning Evrascon kompaniyasi tomonidan yakunlanishi haqida O‘zbekiston Avtomobil yo‘llar davlat qo‘mitasidagi manba axborot berdi.
Loyihaga ko‘ra A-373 Toshkent – O‘sh uchastkasining 116-190-kilometrida Qamchik dovoni orqali o‘tadigan avtomobil yo‘lini qayta ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha 2012-yilda ispaniyaliklar bilan jami 140 mln dollarga shartnoma tuzilgan edi. Lekin texnik reglamentlar qo‘pol ravishda buzilishi va buning oqibatida yo‘l qatlami sifati sezilarli pasayganligi sababli ispaniyaliklar ushbu ishlardan chetlashtirildi.
Shuningdek, Ispaniya tomoni eskirgan texnik asbob-uskunalar ishlatilgan, shartnomada qayd etilgan muddatlar buzilgan hamda tekshirilmagan boshqa subpudratchilar jalb qilingan.
"Corsan Corviam Construction shartnomada rejalashtirilgan ishlardan taxminan 35-45 %i amalga oshirdi. Ushbu korxona chetlashtirilgandan keyin tanlovda Ozarboyjonning Evrascon korxonasi yutib chiqdi. 2018-yilda ushbu loyiha doirasidagi ishlarni yakunlash rejalashtirilmoqda. Bu O‘zbekiston uchun juda muhim loyiha hisoblanadi, shuning uchun biz ushbu ishlarning sifatiga shu qadar jiddiy e’tibor bermoqdamiz", — dedi suhbatdoshimiz.
Eslatib o‘tamiz, Qamchiq dovoni orqali yagona bo‘lgan avtomobil magistrali O‘zbekistonning aholisi eng ko‘p bo‘lgan qismi Farg‘ona vodiysini respublikaning boshqa hududi bilan bog‘laydigan yo‘l hisoblanadi. Qamchiq dovoni orqali bir sutkada 21 mingdan ortiq avtomobil o‘tadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston hukumati Qamchiq dovoni orqali 175 mln dollardan ortiq bo‘lgan ikkinchi avtomobil tunel qurish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ikkinchi tunel avtomobillar sig‘imini oshirish maqsadida yanada kengroq qurilishi hamda zamonaviy ventilyatsiya va yoritish tizimlari bilan jihozlanishi rejalashtirilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.