TOShKENT, 27 apr — Sputnik. GM Uzbekistan aksionerlik jamiyati butunlay yangilangan Chevrolet Malibu bizness-toifa sedanini ishlab chiqarishga kirishdi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yangi avlod avtomobili nafaqat tejamkor va texnologik xususiyatlarga ega bo‘ldi, balki uning xavfsizlik va qulaylik darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlari oshdi. Malibu avtomobillari kompaniyaning Toshkentdagi filialida SKD texnologiyasi bo‘yicha yig‘iladi.
"Yangi model ilgarigisidan tashqi va ichki jihozlanishi bilan tubdan farq qiladi. Unga quvvati 186 ot kuchiga ega 2,5 litr hajmli dvigatel, yonilg‘i sarfini 100 kmga 10,8 litrgacha kamaytirish imkonini beruvchi 6 pog‘onali yangi avlod avtomatik uzatmalar qutisi o‘rnatiladi", — deb ma’lum qildi kompaniya matbuot xizmati.
Yangi avtomobilning xavfsizlik xususiyatiga kelsak, u 8ta xavfsizlik yostiqchasi bilan jihozlanadi.
Malibu salonida diagonali 7 duymli Touch Screen displey bo‘ladi. Avtomobilga shovqinni pasaytirish tizimi o‘rnatiladi. Bundan tashqari, uni masofadan kalitsiz boshqarish — dvigatelni yondirish va o‘chirish, eshik va yukxona bo‘limini masofadan ochish va berkitish mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston bozorida avtomobil to‘rt xil — oq marvarid, oq tutun, to‘q kulrang va qora ranglarda ishlab chiqariladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.