TOShKENT, 26 apr — Sputnik. "Toshshahartransxizmat" AJ tizimidagi avtokorxona haydovchilarining yo‘llardagi qoidabuzarliklari bois jamiyat tarkibidagi avtokorxonalar 15 mln so‘mdan ortiq jarima to‘ladi. Bu haqda aksiyadorlik jamiyati saytida bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri yo‘llari, chorrahalarida maxsus videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan dastlabki kunlarning o‘zidayoq "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati tizimidagi avtokorxona haydovchilari tomonidan 52ta qoidabuzarlik sodir etilgan.
Mazkur qoidabuzarliklar sababli jamiyat tarkibidagi avtokorxonalar 15 million so‘mdan ortiq jarima to‘lashga majbur bo‘lgan.
Shu yilning 15-martidan 14-apreligacha bo‘lgan muddatda "Toshshahartransxizmat" AJ tasarrufidagi avtokorxonalar haydovchilari tomonidan jami 191ta qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lib, barcha qoidabuzarliklar taqiqlangan qizil chiroq belgisiga rioya qilmaslik bo‘lib chiqdi.
"8-avtobus saroyi"MChJ, 12- va 18-avtosaroylarda qoidabuzarlik juda yuqori bo‘lgan. Jamiyat tarkibidagi korxonalar ichida "1-avtobus saroyi" MChJ haydovchilari nisbatan kamroq qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.