TOShKENT, 26 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yilga kelib pulli avtomobil yo‘llari qurish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri hukumatdagi manbaga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdan Samarqand orqali Buxoroga olib boradigan birinchi pulli avtoyo‘l loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu hozirda mavjud yo‘lga parallel alohida yo‘l bo‘ladi.
"Gap shundaki, hozirda mamlakatimizda pulli avtomobil yo‘llaridan foydalanishga oid zarur qonunchilik bazasi yo‘q. Shuning uchun parlamentga kiritish uchun tegishli taklif tayyorlash orqali avvalo mana shu bo‘shliqni to‘ldirish darkor. Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi aynan mana shu ish bilan shug‘ullanmoqda. Biroq qonun loyihasi bir o‘qishdayoq qabul qilinishi aniq emas", — dedi suhbatdosh.
Agarda, deya qo‘shimcha qildi u, qonun qabul qilinsa, loyihaning texnik qismini ishlab chiqish kerak bo‘ladi. Unga ko‘ra, pulli avtoyo‘lga parallal ravishda bepul yo‘l ham bo‘lishi shart, ya’ni haydovchilar uchun tanlash imkoniyati bo‘lishi lozim.
Manbaning aytishicha, pulli yo‘llarda past tezlikda yurish cheklanadi, ularda tezlik rejimi yuqori bo‘ladi. Masalan, hozirda Toshkent — Samarqand — Buxoro trassasida soatiga 100 kilometrdan yuqori tezlikda yurish mumkin bo‘lmasa, parallel pulli yo‘lda tezlik soatiga 120 kilometrdan past bo‘lmasligi kerak. To‘lov esa dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi yo‘lga kiraverishda o‘rnatilgan elektron terminallar orqali qabul qilinadi.
Suhbatdosh shuningdek, respublikadagi ilk pulli avtoyo‘l qurilishi uchun aynan ushbu trassa bejizga tanlanmaganligini ta’kidladi. Ushbu ommabop turistik yo‘nalish O‘zbekistonning qadimiy shaharlarini bir-biri bilan bog‘laydi, muqobil yo‘lning paydo bo‘lishi esa sayohatchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratishi lozim.
Aslida respublikada pulli yo‘llar barcha yo‘nalishlarda bo‘lishi lozim, zero xorijda joriy etilgan bu tajriba o‘zini oqlagan, dedi manba.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ining uzunligi hozirda 184 ming kilometrni tashkil etadi. Undan 42,6 ming kilometrdan ortiqrog‘i umumiy foydalanishdagi avtoyo‘llardir.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.