TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqdagi eng ko‘p sonli bo‘lgan "Voditeli Tashkenta" guruhi foydalanuvchilaridan biri poytaxtning eng buzuq yo‘llari reytingini tuzishni taklif qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ushbu taklif aksariyat haydovchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi, va ko‘pchillik darhol o‘zlari bilgan yomon ahvoldagi yo‘llarni birin-ketin ayta boshladi. Lekin broz vaqt o‘tib buzilgan yo‘llar soni shunchalik ko‘payib ketdiki, undan ko‘ra Toshkentning uchta eng yaxshi yo‘llarini sanab o‘tish oson bo‘lib qoldi.
Shunday bo‘lsada eng nochor ahvoldagi yo‘llar ro‘yxatiga Algoritm mavzei, Yunusoboddagi qurilayotgan metro bekati atrofidagi, Uzbum va Sirg‘ali tumanidagi yo‘llar kiritildi. Haydovchilar fikriga ko‘ra, ushbu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin.
Haqiqatdan ham, bugungi kunda Toshkentdagi yo‘llar nochor ahvolga kelib qolgan. Yo‘llarda paydo bo‘ladigan chuqrlardan tashqari, yo‘l ta’mirlash xizmatlarining ushbu muammolarga mutlaq befarqligi fuqarolarning yanada ko‘proq jahlini chiqarmoqda.
Oddiy misol — Oqtepa maydonida yangi yo‘l bog‘lamasini o‘tgan yilning avgust oyida ishga tushirishgan bo‘lsada, undan Farxod bozori va Algoritm massivi tomondagi yo‘lni ta’mirlashni unutib qo‘yishdi shekilli. Quruvchilar goh u goh bu yerda asfal to‘kib ketishdi xolos. Barcha chuqur va do‘ngliklar esa o‘z joyida qoldi.
"Fleshka" bozori oldidagi yo‘l ham bir necha oydan beri kavlangan holda yotibdi. Avtomobilda u yerdan o‘tish amri mahol. Qurilish ishlari qachon tugashi ham noma’lum.