TOShKENT, 25 apr – Sputnik. Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Pop, Namangan va Andijonni bog‘lovchi 145 kilometr temir yo‘lni elektrlashtirish loyihasiga 80 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Elektrlashtiriladigan uchastka Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi dasturi 2-yo‘lagining bir qismi hisoblanadi.
OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Takeo Konishining aytishicha, O‘zbekiston kabi dengizga bevosita chiqa olmaydigan mamlakatlarda temir yo‘llar tarmoqlarining xavfsizligi, ishonchliligi va barqarorligini ta’minlash mamlakat taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishining muhim omili hisoblanadi.
“O‘zbekistonda transport tizimining yaxshilanishi mamlakatning Markaziy Osiyodagi savdo va transport xabi sifatidagi strategik joylashuvini mustahkamlaydi”, dedi u.
Loyiha O‘zbekiston aholisining deyarli uchdan bir qismi yashaydigan Farg‘ona vodiysidagi asosiy shaharlarni Toshkent bilan bog‘laydi hamda temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashishda samarali xizmat ko‘rsatishga bevosita ta’sir qiladi. U transport orqali bog‘lanish tizimini yaxshilaydi va Farg‘ona vodiysida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga yordam beradi.
Loyihaning umumiy qiymati 177,45 million AQSh dollarini tashkil etadi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va hukumat 97,45 million dollar miqdorida sarmoya kiritadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.