TOShKENT, 25 apr — Sputnik. O‘zbekiston joriy yilning dastlabki uch oyi davomida 101,8 ming tonna meva-sabzavot eksport qildi, deb ma’lum qildi "O‘zagroeksport" tashqi savdo kompaniyasi Sputnik muxbiriga.
Bunda ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7%ga yoki 6,7 ming tonnaga oshdi. Kompaniyadagilar mahsulotlar Toshkentda bo‘lib o‘tgan 1-Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi hamda, Berlin (Germaniya), Moskva (Rossiya), Kiyev (Ukraina) va Ostonada (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tgan tadbirlarda tuzilgan shartnomalar doirasi yetkazib berilganini ma’lum qilishdi.
Bundan tashqari, respublika bo‘yicha 1,5 million tonnadan ortiq meva, sabzavot, kartoshka, rezavor va uzum yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. O‘z navbatida, ushbu mahsulotlarni yig‘ish va yetkazib berish respublika viloyatlarida tashkil etiladigan savdo-logistika markazlari orqali amalga oshiriladi. Bugungi kunda bunday markazlar mamlakatning qator viloyatlarida, xususan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ochilgan.
"Mamlakatda yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, asosiy importchi hozirda Rossiya bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish ham bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Masalan, xomashyo bazasini rivojlantirish, meva va sabzavotlar, go‘sht va sutni chuqur qayta ishlashni hamda oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida 2020-yilga qadar umumiy qiymati 596 million dollar bo‘lgan 180 investitsion loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan", — deyishdi kompaniyadagilar.
Suhbatdoshning aytishicha, ulardan 74 loyiha xorijiy investitsiya va xalqaro moliya muassasalarining 163 million dollarlik kreditini jalb qilish orqali amalga oshiriladi. Hozirning o‘zida umumiy qiymati 85,7 million dollarlik 27 loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, yangi tashkil etilgan korxonalar o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshladi.
Kuchayayotgan raqobat muhitida sohani rivojlantirishning yana bir ustuvor yo‘nalishi zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni joriy etishdir. Shu munosabat bilan korxonalarda eskirgan texnologiyalarni zamonaviylariga almashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa, mutaxassislarning aytishlaricha, nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi, balki xomashyo, elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslar sarfini tejash hamda mahsulotlarning tannarxini pasaytirish imkonini beradi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.