TOShKENT, 24 apr — Sputnik. A-373 M-39 "Guliston—Bo‘ka—Angren—Qo‘qon—Andijon orqali—O‘sh" avtomobil yo‘lining 243,7 (166,7) kilometrida (Namangan viloyati Pop tumani hududi) vodiy yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomonida, 80 m balandlikda mavsumiy yog‘ingarchiliklar natijasida uzunligi 40 m ga teng ko‘chki yorig‘i paydo bo‘ldi, deb xabar berdi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
Shu bois, avtoulovlar harakatlanishining xavfsizligini ta’minlash maqsadida, avtomobil yo‘lining 243,5 — 243,8 kilometri va 229,7 — 230 kilometrlar oraliqlarida O‘sh yo‘nalishidagi yarmida avtotransport vositalarining harakatlanishi vaqtincha cheklatilib, Toshkent yo‘nalishidagi yarmi orqali ikki tomonlama harakat amalga oshirilmoqda.
Ushbu hududda xavf bartaraf etilmagunga qadar FVV, IIV YPX, «Qamchiqavtoyo‘l» xodimlaridan iborat tun-u kun navbatchilik tashkil qilindi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.