TOShKENT, 24 apr — Sputnik. "O‘zgidromet" markazi respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, qirg‘oqqa yaqin hududlarda suv toshishi xavfi haqida ma’lumot berdi, deb xabar qildi O‘zbekiston FVV matbuot-xizmati.
"Joriy yilning 21-28 aprel kunlari havo haroratining keskin 30-32 daraja ko‘tarilishi natijasida respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel kelishi, daryo va soylarda suv sathining keskin ko‘payishi tufayli, qirg‘oqlarni yemirilishi, qirg‘oqqa yaqin hududlarda suv toshishi xavfi mavjud", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2017-yilning 24-aprel kuni mahalliy vaqt bilan 08.00dan 25-aprel 08.00ga qadar "Chimon" tog‘ tizmalarining dengiz sathidan 2200 balandligida qor ko‘chishi xavfi e’lon qilingan.
FVV shu munosabat bilan xavfsizlik va ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin FVV "Qamchiq" dovonida uzunligi 40 metrga teng ko‘chki yorig‘i paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.