TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlari maxsus operatsiyani amalga oshirdilar. O‘tkazilgan tezkor-tadbir natijasida Farg‘ona shahridagi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti sport-texnik klubi rahbari B. Nabiyev qo‘lga olindi.
"Bu klubda o‘qish shunisi bilan ahamiyatliki, uni tamomlaganlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Qurolli kuchlari safiga yo‘naltiriladi va aloqachi sifatida shoshilinch harbiy xizmatni o‘taydi. Shu bois, bunday imkoniyatdan mo‘maygina daromad olishni ko‘zlaganlar topilmoqda. Murojaatdan so‘ng tezkor tadbirlar o‘tkazildi va Farg‘ona shahri yashovchi Shuhrat Yunusov pul olayotgan joyning o‘zida qo‘lga olindi", — deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga MXX vakili.
Tergov jarayonida qo‘lga tushgan shaxs o‘zining vositachi ekanligini, pullar esa klub rahbari B. Nabiyevga atalganini tan olgan. Mana shu ko‘rsatmalar asosida yana bir operatsiya o‘tkazilgan va bu tadbir natijasida 1 ming ikki yuz dollar olayotgan vaqtda endi Nabiyevning o‘zi qo‘lga tushgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.