TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Toshkent shahri 30-aprel-7 may kunlari boks bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Osiyo boks konfederatsiyasi ma’lum qildi.
Ushbu qit’a chempionati jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi saralash bosqichi vazifasini o‘taydi. Shu yilning 25-avgust-3 sentabr kunlari Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qiladigan jahon chempionatida qatnashadigan Osiyoning eng kuchli bokschilari Toshkentda aniqlanadi.
Jahon chempionati uchun Osiyoga 60ta litsenziya ajratilgan. Har bir vazn toifasida oltitadan eng kuchli bokschi jahon chempionatiga yo‘llanma oladi.
Musobaqalarda qit’aning 29 davlatidan 200 nafar charm qo‘lqop ustalari ishtirok etadi.
Xitoy, Hindiston, Eron, Iordaniya, Qozog‘iston, Shimoliy Koreya, Mongoliya, Pokiston, Shri-Lanka, Tojikiston va O‘zbekiston jamoalari eng ko‘p — 10 nafardan bokschi bilan qatnashadi.
Chempionatda Rio Olimpiadasi chempionlari Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Olimpiya sovrindorlari Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyevlar ham ishtirok etishadi.
Germaniyadagi jahon chempionatida qatnashish, ayniqsa, Hasanboy uchun o‘ta muhim. U hozircha Olimpiya o‘yinlari va qit’a chempioni hisoblanadi. Agar Do‘smatov jahon chempionatida g‘olib bo‘lsa, o‘zbek boks yulduzi Muhammadqodir Abdullayevning natijasini takrorlaydi.