TOShKENT, 22 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti "2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"ga qarorni imzoladi, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mamlakatda qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketishni tashkil etish va ulardan foydalanish sohasida xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish borasida hali hal etilmagan qator muammolar mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Masalan, hozirgi vaqtda chiqindilar to‘planadigan mavjud poligonlar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena meyorlariga to‘liq javob bermaydi. Aksariyat joylarda chiqindilar tartibsiz ravishda to‘planadigan punktlar hamon saqlanib qolmoqda va ular tutash hududlarning sanitariya-epidemiologiya holatini yomonlashtirib, yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishiga sharoit yaratmoqda.
Bularning bari maishiy chiqindilarni to‘plash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini samarali tashkil etishni talab qiladi va bu yangi kompleks chora-tadbirlar orqali amalga oshiriladi. Masalan, 2017-yilda shaharlardagi sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va tuman obodonlashtirish boshqarmalariga 237 ta maxsus texnika xarid qilish, 94 ta garaj qurish, qattiq maishiy chiqindilar uchun 168 ta elak qurilmalari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Andijon va Namangan shaharlarida yirik loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan, 2017-2021 yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining 161 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘larini jalb etgan holda shaharlarda chiqindilarni to‘plash, tashib ketish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.
Davlat rahbari shuningdek, 114 ming pogon metr to‘siq, 152 ta sanitariya uzeli, 158 ta maishiy xona, 163 ta avtomobillarni yuvish joyi, 269 kilometr elektr ta’minoti tarmoqlari, 166 ta texnik suv ta’minoti qudug‘i hamda 240 kilometr asfaltlangan kirish yo‘llarini qurish orqali qattiq maishiy chiqindilar to‘planadigan 168 ta poligonni obodonlashtirish manzilli dasturini tasdiqladi.
Kelgusi ikki yilda Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini qurish ko‘zda tutilib, mazkur loyihalarga 27 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dasturni moliyalashtirish uchun jami bo‘lib 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida aholini qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2021-yilgacha mamlakat bo‘yicha 63 foizdan 93 foizga o‘sadi.