TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Toshkentda kelasi yildan boshlab, taymerli svetoforlar o‘rnatish boshlanadi, deb xabar qilmoqda, Sputnik muxbiri.
Ushbu qaror poytaxt chorrahalarida ba’zan sodir bo‘ladigan murakkab vaziyatlarning oldini olishda yordam beradi. Masalan bugungi kunda ayrim haylovchilar "sariq chiroqni" harakatni boshlash uchun yoki chorrahadan "qizil" yonguncha tezroq o‘tib ketish belgisi sifatida qabul qiladi.
Taymerli svetoforlar o‘rnatish haqidagi xabarlar Toshkentlik haydovchilardan birining Shavkat Mirziyoyev virtual qabulxonasiga qilgan murojaatidan keyin paydo bo‘ldi. O‘zbekiston IIV huzuridagi YHX Boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan bo‘lsada, qaysi chorrahalarda nechta shunday svetofor o‘rnatilishi haqida aniqlik kirtilmagan.
Shuni aytib o‘tish kerakki, taymerli svetoforlar o‘rnatishga urinish Toshkent ko‘chalarida oldin ham bo‘lgan edi, lekin bir necha oydan keyin ushbu svetoforlar yana yo‘qolib qolgan edi.
Viloyatlarda esa bunday svetoforlar juda yaxshi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Masalan Toshkent viloyati va Andijonda raqamli svetoforlar ishlab turibdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlayotgan taymerli svetoforlarning, u yoki bu chirog‘ yonguniga qadar qancha vaqt qolganini ko‘rsatib turadigan qismi, alohida seksiya sifatida yasalgan. Yangi o‘rnatiladigan svetoforlar ko‘rinishi aynan qanday bo‘lishi hali aniq aytilmagan bo‘lsada, shunga qaramasdan xabarning o‘zi poytaxt haydovchilari orasida ulkan olqishlar bilan kutib olindi.
Shuningdek, haydovchilar YHX sohasida boshqa muammolar ham to‘planib qolganini ta’kidlashmoqda. Muammolardan biri — yo‘llarni yoritish chiroqlari. Haydovchilar fikriga ko‘ra ular yo‘llarni yetarli darajada yoritmaydi. Ikkinchidan yo‘lda chizilgan chiziqlar muammosi. Ushbu chiziqlar oddiy (nur qaytarmaydigan) bo‘yoqlar bilan chizilgan bo‘lib, ob havo buzilganda umuman ko‘rinmay qoladi.
Haydovchilar, O‘zbekiston IIV huzuridagi YHX Boshqarmasi tomonidan va’da berilgan zamonaviy taymerli svetoforlar, kelasi yilda, xo‘jako‘rsinga — bir-ikki dona emas, shaharning barcha muhim chorrahalarida o‘rnatilishiga umid bildirmoqdalar.