TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekistonda yaqin kelajakda pivo ishlab chiqaruvchi yangi yirik zavod qurilishi rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga "O‘zvinsanoat-xolding"dagi manba.
"Yangi zavod Jizzax viloyatining Zomin tumanida quriladi. U mamlakatdagi ushbu yo‘nalishdagi eng yirik korxonalardan biri bo‘ladi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 million dekalitr, ya’ni 300 million litrni tashkil qiladi. Obyekt 2019-yil so‘ngiga qadar ishga tushirilishi lozim. Ayni vaqtda yer uchastkasi ajratilgan bo‘lib, u yerda qurilish ishlari boshlab yuborilgan", — degan manba.
"Toshkentvino" vakillari ushbu loyihani hayotga tatbiq etish uchun xorijdan strategik sherikni jalb etishni maqsad qilib qo‘yishgan. Jumladan, mutaxassislar Italiya va Germaniya davlatlarida bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi eng old kompaniyalar vakillari bilan ushbu loyihani hamkorlikda amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilganlar.
Xususan, O‘zbekiston tomon Zominda nemis kompaniyalaridan biri brendi ostida pivo ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda.