TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Urganchda taksi xizmati uchun elektron to‘lov tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda. Dastur haydovchining telefoniga o‘rnatilib, yo‘l haqini mijozning kartasidan "kontaktsiz" yechib oladi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot xizmatining xabariga qaraganda, "Sundey Taxi" MChJ tomonidan yo‘nalishsiz taksi xizmati uchun yo‘lkirani plastik kartalar orqali elektron qabul qilishga mo‘ljallangan maxsus dastur yaratildi. Ushbu dastur Urganch shahridagi "Muso Avto" MChJning yo‘nalishsiz taksi mashinalariga o‘rnatilib, 5-apreldan beri sinov tariqasida qo‘llanilmoqda.
Dastur haydovchining smartfoniga yuklanib, "kontaktsiz" usulda to‘lovni qabul qiladi. Ya’ni haydovchi telefonga mijozning plastik kartasini yaqinlashtiradi va tarif asosida hisoblangan yo‘lkirani ko‘rsatib tegishli tugmachani bosgach, 5-6 soniya ichida pul yechib olinadi.
Xizmat haqi to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtokorxonaning bank hisob raqamiga kelib tushishi bilan mijozning mobil telefoniga to‘lov amalga oshirilgani haqida SMS-xabar keladi (buning uchun mijozning kartasi bankning SMS-xizmati tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak).
Dastur, shuningdek, kun mobaynida qaysi haydovchi tomonidan necha pullik xizmatlar ko‘rsatilganini ham alohida qayd etib borib, korxonalarning haydovchilar ish unumdorligini baholashi va ularga oylik maoshlar belgilashini osonlashtiradi.
"Sundey Taxi" MChJ hozirda barcha xohlovchilarning plastik kartalariga yo‘nalishsiz taksi xizmati haqini elektron shaklda to‘lash imkonini beruvchi himoyalangan maxsus QR-kod o‘rnatib bermoqda.