TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, o‘quv yurtlariga qabul qilishning umumiy ko‘rsatkichlari 2021-yilgacha 18 foizgacha oshiriladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, 2011-2016 yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish doirasida 25 ta oliy ta’lim muassasasining 202 ta obyektida yangi qurilish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari bajarilgan.
Muhandislik, ishlab chiqarish va qurilish yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha o‘qishga qabul qilish, uning umumiy soniga nisbatan 23 foizdan 33,2 foizga oshdi. Oliy ta’lim sohasida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yangilangan davlat oliy ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari joriy qilindi.
Biroq O‘zbekiston prezidentining farmoyishi bilan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan oliy ta’lim tizimidagi holatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator oliy ta’lim muassasalarida hali ham ilmiy-pedagogik salohiyatning pastligi, ta’lim jarayonlarini axborot-uslubiy va o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash zamonaviy talablarga javob bermasligi, ularning moddiy-texnika bazasini tizimli yangilashga ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
"Oliy ta’lim tizimida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarini joriy etish, ayniqsa, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmayapti", — deyiladi hujjatda.
2017-2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko‘rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlashga qaratilgan.
Dasturga muvofiq, 2017-2021 yillarda 48 ta oliy ta’lim muassasasida jami 180 ta o‘quv, ilmiy-laboratoriya binosi, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalari obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib boriladi. 53 ta oliy ta’lim muassasasida 400 ta o‘quv laboratoriyasi bosqichma-bosqich eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi, 7 ta oliy ta’lim muassasasida barcha oliy ta’lim muassasalari o‘zaro hamkorlikda foydalanadigan ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi.
Prezident har bir oliy o‘quv yurtini rivojlantirish bo‘ycha manzilli dasturlarni tasdiqladi. Dasturlarda aniq parametr va ko‘rsatkichlar ko‘zda tutilgan. Masalan, bakalavriat va magistraturaga talabalar qabul qilishning umumiy ko‘rsatkichlari 2021-yilgacha bosqichma-bosqich ravishda 18 foizgacha oshiriladi.
Mamlakatning har bir oliy ta’lim muassasasi AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va shu kabi boshqa davlatlarning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilgani o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda har yili 350 nafardan ortiq xorijlik yuqori malakali pedagog va olimlarni mamlakat oliy o‘quv yurtlariga o‘quv jarayoniga jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Xalq ta’limi vazirligiga uch oy muddatda oliy o‘quv yurtlari pedagog xodimlariga ularning kasb mahorati, faoliyatidagi yuqori natijadorlik va tarbiyaviy sohadagi samarali ishtirokini inobatga olib, ustama haq to‘lashni belgilash tizimi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi topshirildi.
Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda iqtidorli yosh pedagog va ilmiy xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining "Iste’dod" jamg‘armasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan takliflar kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha bajariladigan amaliy, innovatsion ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha yuridik shaxslarning daromad solig‘i, yagona soliq to‘lovi, qo‘shimcha qiymat solig‘i va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlardan ozod etildi.
Ta’lim-tarbiya jarayonlarining sifati ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi tashkil etiladi.
Oliy ta’lim tizimini 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan moliyaviy mablag‘lar 1,7 trillion so‘mdan ziyod bo‘lib, ulardan 1,2 trillion so‘mi o‘quv-laboratoriya binolari, sport zallari va talabalar turar-joylarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga, 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ esa o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel va inventar bilan ta’minlash, umumiy tartibda foydalanishga mo‘ljallangan, barcha ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatadigan laboratoriya komplekslarini tashkil etish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.