TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Toshkentda boshlangan O‘zbek-Xitoy biznes forumi doirasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida kelgan Xitoyning yirik kompaniyalari taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda nuz.uz xabar bermoqda.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Rozuqulovning qutlov nutqida aytilishicha, Xitoy delegatsiyasi dasturidan "Angren" erkin sanoat hududiga tashrif buyurish o‘rin olgan. Biznes-forum doirasida tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlik o‘rnatish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalari, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini moliyalash o‘lchovlari va manbalarini muhokama qilishadi.
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, forumning birinchi kunida ishtirokchilar o‘z taqdimotlari bilan chiqishdi hamda manfaatdor mutaxassislar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishdi. Forumning ikkinchi va uchinchi kunlarida "Angren" ESHga safar uyushtirish va turli sohalarda qator loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Xitoy delegatsiyasi asosan CCC, SinoHYDRO va Sinosteel Corporation kabi yirik kompaniyalar vakillaridan tashkil topgan. Forumda O‘zbekiston tomonidan xitoylik hamkorlar uchun o‘z loyiha va takliflariga ega bo‘lgan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, "O‘zbekenergo", "O‘zqurilishmateriallar" vakillari qatnashmoqda.
O‘zbekiston investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbek-Xitoy biznes-forumi 19-21 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur biznes-forum ikki davlat o‘rtasidagi samarali hamkorlik namunasi bo‘lib, O‘zbekiston prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga 14-15 may kunlari bo‘lib o‘tadigan rasmiy tashrifi oldidan amaliy natijalarni aks ettiradi.