TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Mamlakat prezidentining tegishli farmoniga asosan Sherzod Xadjizadayev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari etib tayinlandi, deb xabar bermoqda Markaziy bank sayti.
Sherzod Xadjizadayev 1996-yili Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining iqtisodiyot fakultetini, 2001-yili esa Bank-moliya akademiyasining bank ishi yo‘nalishini tamomlagan.
Bank tizimidagi faoliyatini 1996-yili O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida oddiy mutaxassislikdan boshlab, bo‘lim boshlig‘i vazifasigacha ko‘tarilgan.
U 2001-2006 yillarda TIF Milliy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Mirzo Ulug‘bek filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari, boshlig‘i vazifalarida ishlagan.
2006-2008 yillarda "Asaka" aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimini egallagan, 2008-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
2010 yildan boshlab hozirga qadar "Trastbank" xususiy aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.