TOShKENT, 18 apr — Sputnik. Buxoro viloyatida 2017-yilning o‘tgan davrida mas’uliyatsizligi, rahbarlik qilayotgan tizimida ijro intizomini susaytirgani hamda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun turli lavozimlarda ishlab kelayotgan jami 57 nafar rahbar vazifasidan ozod etildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi sayti xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, 17-aprel kuni Buxoro viloyat hokimlik soati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev olib bordi.
Hokimlik soati yig‘ilishida "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida"gi Prezident qarorining viloyatda so‘zsiz ijrosini ta’minlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.
2017 yilning o‘tgan davrida mehnat faoliyati davomida berilgan topshiriqlarga nisbattan mas’uliyatsizligi, rahbarlik qilayotgan tizimida ijro intizomini susaytirgani hamda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun turli lavozimlarda ishlab kelayotgan jami 57 nafar rahbar vazifasidan ozod etildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yil birinchi choragida 124 ta hujjat kirim qilingan bo‘lib, ular ijrosini tashkil etish yuzasidan viloyat hokimligining tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilingan.
Ammo ba’zi hududlar, korxona va tashkilotlarda mazkur hujjatlar ijrosini tashkil etish, ularning monitoringini yuritish borasidagi ishlar talabga javob bermaydi.
Xususan, Vobkent tumanida mart oyida kelib tushgan 32 ta hujjat yuzasidan tuman hokimining tegishli hujjatlari aksariyati muddati buzilgan holda qabul qilingan, nazorat rejalar ishlab chiqilmagan, monitoring yuritish tizimi umuman o‘rnatilmagan, yig‘ilishlarda qarorlar ijrosi muhokama qilinmagan. Tuman hokimining ko‘pgina qarorlari mazmunan sayoz tuzilgan, viloyat hokimining qarorlaridan tegishli bandlari ko‘chirib yozilgan, xolos.
2017 yilning birinchi choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan viloyat hokimligiga 1755 ta ariza, shikoyat va takliflar bilan murojaat qilingan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1156 taga ortgan. Hokim hamda hokim o‘rinbosarlari tomonidan 476 nafar jismoniy va yuridik shaxslar qabul qilinib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 310 taga ko‘paygan.
Yig‘ilishda viloyatda ijro intizomi sifatini kuchaytirish yuzasidan aniq tizim belgilab olindi.
O‘zbekiston va jahondagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istasangiz, Sputnik O‘zbekistonning Telegram-kanaliga obuna bo‘ling.