TOShKENT, 14 apr — Sputnik. AQSh tomonidan Afg‘onistonda "Islom davlati" jangarilariga qarshi favqulodda kuchli yadrosiz bombaning ishlatilishi o‘z samarasini ko‘rsatdi, bu shuningdek, Shimoliy Koreya uchun signal bo‘lishi mumkin, deb ta’kidladi RIA Novosti nashriga Hudson Institute harbiy-siyosiy analiz markazi rahbari Richard Vays.
Ekspertning aytishicha, ayrim kishilar bu Shimoliy Koreya uchun signal bo‘lishi mumkin, degan fikrlarni yoqlamoqdalar. AQSh o‘zining ushbu harakati bilan KXDRning yer osti raketalari va artilleriya moslamalari ular Seulni yo‘q qilishlaridan oldinroq vayron qilinishiga shama qilgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha AQSh "ID" terrorchilik uyushmasiga qarshi birinchi marotaba GBU-43 deb nomlangan o‘ta kuchli yadrosiz bombani qo‘lladi. Og‘irligi 9,5 tonna zarad MS-130 samolyotidan tashlab yuborilgan. Ta’kidlarga ko‘ra, AQSh zaxirasida ana shunday quroldan 15ta bor.
AQSh prezidenti Donald Tramp ta’rifiga ko‘ra, bu Amerika qurolli kuchlarining "o‘ta omadli missiyasi" bo‘ldi. U shuningdek, AQSh "dunyodagi eng qudratli qurolli kuchga egaligini va u o‘z vazifasini bajarganini" qo‘shimcha qilgan.
Afg‘oniston hukumati ushbu hodisa yuzasidan hozircha hech qanday munosabat bildirmagan.
OAVlarda berilayotgan xabarlarga ko‘ra, AQSh tomonidan eng kuchli bo‘lgan yadrosiz bombaning qo‘llanilishi oqibatida "Islom davlati" terrorchilik uyushmasining kamida 36 nafar jangarisi yo‘q qilingan. Bu haqda AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan qilingan bayonot asosida Frans Press agentligi xabar bergan.