MXX O‘zbekistonga soxta dollar olib kiruvchilar faoliyatiga chek qo‘ydi

© Sputnik / Maksim Bogodvid / Mediabankka o‘tishAQSh dollari
AQSh dollari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Mutaxassislarning fikricha, bu pullar maxsus klishe yordamida yuqori texnologiyalar asosida tayyorlangan. Dollarlar shuningdek haqiqiy pul bilan deyarli bir xil xususiyatlarga ega bo‘lgan

TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Namangan viloyat Milliy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari Turkiyadan O‘zbekistonga Qirg‘iziston orqali yirik miqdorda soxta dollar olib kiruvchilar faoliyatiga chek qo‘ydilar, deb ma’lum qildi kuch tizimi vakili Sputnik muxbiriga.

Navbatdagi soxta dollarlar partiyasini olib kirayotgan kuryerni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya Kosonsoy tumanining "Obod" postida o‘tkazildi. 40 yoshli Abdulhamid Xo‘jayev boshqaruvidagi "VAZ 2106" rusumli avtomashinani ko‘zdan kechirish chog‘ida avtomashinaning maxsus jihozlangan joyida soxta 19,4 ming dollar yashirib qo‘yilganligi aniqlandi.

Dastlabki surishtiruv jarayonida haydovchi soxta pullarni hozirda Turkiyada yashovchi Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan, Qirg‘iziston fuqarosi Mansur Suvonovdan olganligini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, M.Suvonov maishiy buyumlar qutilarining orasiga soxta dollarlar yashirib Turkiyadan O‘zbekistonga jo‘natib turgan. Xo‘jayev esa soxta pullarni respublika ichida tarqatish bilan shug‘ullangan.

"Abdulhamid Xo‘jayevning ko‘rsatmalari asosida uning tanishi Islomxon Saidovning uyi ko‘zdan kechirilganida bu yerdan ikki dona 100 dollar qiymatidagi soxta pullar topildi", — dedi MXX vakili.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 1996 va 2006-yil namunasidagi 196 dona yuz dollarlik kupura soxta deb topildi. Mutaxassislarning fikricha, bu pullar maxsus klishe yordamida yuqori texnologiyalar asosida tayyorlangan. Dollarlar shuningdek haqiqiy pul bilan deyarli bir xil xususiyatlarga ega bo‘lgan.

Qo‘yliq bozorida soxta dollar sotayotgan shaxs qo‘lga olindi

A.Xo‘jayev va I.Saidovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoiy guruh rahbari Mansur Suvonov respublika hududiga soxta dollar olib kirish bo‘yicha qator holatlarga aloqador bo‘lib chiqdi. Shu yilning yanvarida Qirg‘iziston huquqni muhofaza qilish organlari uning o‘g‘li J.Umarovni Istanbuldan jo‘natilgan soxta 56 ming dollar pul bilan qo‘lga olishgan.

Shuningdek, joriy yilning fevralida Namangan viloyat IIB M.Suvonovning jiyani J.Ergashxonovga nisbatan soxta dollar tarqatish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Yangiliklar lentasi
0