TOShKENT, 13 apr — Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasining 8 struktura bo‘linmasi MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib ISO 9001:2015 bo‘yicha Sifat menejmenti tizimi sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy aviakompaniya saytida xabar berilmoqda.
Shu bilan birga, yo‘lovchilarga xalqaro talablarga mos keladigan yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilayotgani ham tasdiqlandi.
Aviakompaniyaning bildirishicha, "Toshkent", "Samarqand", "Buxoro", "Namangan", "Nukus", "Termiz", "Qarshi" aeroportlarida ISO 9001:2015 Sifat menejmenti tizimi standartlarining yangi talablarini joriy etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.
MAK mutaxassislari yangi hujjatlar va talablarni ishlab chiqib, amalga tatbiq etishdi, xodimlarning malakasi oshirildi.
"Rus registri — Markaziy Osiyo" sertifikatsiyalash bo‘yicha tashkiloti Milliy aviakompaniya bo‘linmalaridagi sifat boshqaruvi xalqaro talablarga mos kelishini tasdiqladi va butun dunyoda tan olinuvchi muvofiqlik sertifikatlarini topshirdi.