TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Rossiya O‘zbekistonga yetkazib beriladigan harbiy texnika miqdorini oshiradi, bu boradagi shartnoma mamlakat Federatsiya Kengashi tomonidan ratifikatsiya qilindi, deb xabar bermoqda nuz.uz.
Federatsiya kengashining mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Olga Kovitidining aytishicha, hujjat Moskvada 2016-yilda imzolangan bo‘lib, har ikki davlat uchun manfaatli harbiy-texnikaviy maqsadlarga mo‘ljallangan mahsulotlarni yetkazib berishni yanada samarali amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Shartnoma bilan Rossiya va O‘zbekistonning qator yo‘nalishlar bo‘yicha harbiy-texnikaviy hamkorligi huquqiy asoslari o‘rnatiladi. Bular xususan, harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, harbiy-texnikaviy yordam ko‘rsatish, ilmiy-tadqiqot va tajribaviy-konstruktorlik ishlarini bajarishdir.
Shartnomani amalga oshirish bo‘yicha Rossiya tomonidan harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Federal xizmat, O‘zbekistondan esa O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakolatli idora bo‘ladi.
Harbiy mahsulotlarni yetkazib berish tomonlar vakolatli organlarining o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi.
Shartnomaga ko‘ra, har ikki davlatda harbiy texnikadan maqsadli foydalanish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Rossiya Federatsiya kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Konstantin Kosachevning fikricha, Rossiyaning O‘zbekiston bilan istalgan ko‘rinishdagi shartnomalari faqat ijobiy qarshi olinadi.
Yevropa va Amerikaning qator tahliliy institutlari ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston harbiy budjeti yiliga 70-80 mln. dollarni tashkil etadi. Harbiy xizmatchilar soni esa 65 ming nafarga teng.