TOSHKENT, 10 fev — Sputbik. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Navoiy tavalludining 576 yilligiga bagʻishlangan adabiy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi. "Avvalgʻilargʻa oʻxshamas" deb nomlangan kechada Oʻzbekiston xalq shoirlari Xurshid Davron, Iqbol Mirzolar hamda Oʻzbekiston xalq hofizi Sherali Joʻrayev ishtirok etishdi, deb yozadi "Darakchi".
Sherali Joʻrayev Navoiy gʻazallari bilan bastalangan bir qancha qoʻshiqlarini ijro etdi.
Milliy ruhda oʻtayotgan badiiy-musiqiy kechada bor diqqat-eʼtibori bilan kuy tinglayotgan chet ellik mehmon barchaning eʼtiborini tortdi.
Beneden Peri asli vengriyalik boʻlib, navoiyshunos olim, professor sanaladi. Kechaga esa u aynan buyuk hofiz Sherali Joʻrayevni shaxsan koʻrish va uning Navoiy gʻazallariga bastalangan qoʻshiqlarini tinglash uchun tashrif buyurgan.
"Men Sherali Joʻrayevni 1990-yillardan tinglayman, chunki uni otam eshitardi. Uyimizda uning qoʻshiqlari yozilgan plastinkalar boʻlardi. Hayotimdagi men uchun sharaf hisoblangan ishlardan biri Alisher Navoiy ijodini oʻrganganligim boʻlsa, ikkinchisi Sherali Joʻrayevni koʻrish edi.
Bugun biz xizmat safari bilan Navoiy viloyatiga ketishimiz kerak edi. Biroq Sherali Joʻrayev kuylashini eshitib safarni kechiktirdim. Chunki men uning ashaddiy muxlisiman" — deydi hayajonini yashirmay Beneden Peri.