TOShKENT, 10 apr — Sputnik. O‘zbekiston Badiiy akademiyasida ushbu kunlarda, Islom Karimovga haykal yaratish ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tmoqda. Ayni damda hay’at a’zolari g‘olib izlashmoqda, lekin ko‘rgazmani tomosha qilgan yoki uning fotosuratlarini tomosha qilgan fuqarolar, o‘zbek haykaltaroshligiga nima bo‘lganini tushunmay hayratda. Nima sababdan mualliflar Islom Karimov davrining muhitini va Birinchi prezident timsolini to‘g‘ri yetkizib bera olmagan?
Ko‘rgazma ishga tushganidan keyin u yerda taklif qilingan ishlar haqida minglab salbiy fikrlar paydo bo‘ldi. Fuqarolar ko‘rsatilgan haykal namunalarining qiyofasizligini, tana a’zolarining nomutanosibligin muhokama qila boshlashdi.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sputnik muxbiri taniqli haykaltarosh Damir Ro‘ziboyevga murojaat qildi.
Tanlovga bor yo‘g‘i o‘nta ish taklif qilingani va ular orasida birorta ham diqqatga sazovor ishlar bo‘lmaganining o‘zi, bugungi kunda O‘zbekiston haykaltaroshligi og‘ir ahvolda ekanini bildirmaydimi?
“Bu uzoq yillardan beri to‘planib kelayotgan muammolardir. Hozir bu haqida haqiqatni aytish vaqti keldi. Umuman, san’at haqida yolg‘on gapirib bo‘lmaydi”, — deydi Damir Solijonovich.
Ro‘ziboyev Damir Solijonovich — o‘zbekistonlik taniqli haykaltarosh. 1939-yilda Samarqandda tug‘ilgan. Rassomlik san’atini Pavel Petrovich Martakovdan o‘rgangan. Shuningdek u Aleksandr Nikolayevich Volkovni o‘z ustozi deb biladi. Uning 1984-yilda yaratilgan "Igor Saviskiyning portreti", asari Moskvadagi Tretyakov galereyasida saqlanmoqda. Damir Solijonovichning boshqa asarlari Moskvadagi “Sharq muzeyida”, Vengriya, Janubiy Koreya, Fransiya va Yaponiya muzeylarida saqlanib kelmoqda.
Uzoq yillar davomida Damir Ro‘ziboyev O‘zbekiston Rassomlar uyushmasidagi Haykaltaroshlik bo‘limi boshlig‘i vazifasida, 1988 – 1997-yillarda O‘zbekiston San’at muzeyi direktori vazifasida ishlab kelgan.
Tanlov sizda qanday taasurot qoldirdi?
Mening taasurotlarim ham boshqalarnikiga o‘xshagan. Men soha mutaxassisi bo‘lmagan, oddiy fuqarolar bilan muloqotda bo‘ldim. Ularning hammasi tanlovda ishtirok etayotgan ishlarda ko‘plab kamchiliklar borligini va asarlarning hammasi qiyofasiz, go‘yoki bir kishi tomonidan yaratilgandek ekanini qayd etishdi. San’atda har bir asar takrorlanmas, o‘z qiyofasiga ega bo‘lishi kerak. Biz nima uchun Van Gogni, Pikassoni, Volkovni yoki Tansiqboyevni yaxshi ko‘ramiz? Chunki ular yagona, ularning boshqalarga o‘xshamagan xususiyati bor.
Bu ko‘rgazmadagi barcha ishlar esa — bir-biriga o‘xshagan. Go‘yoki ularning hammasi bir kishi tmonidan yaratilgandek. Undan tashqari, men professional haykaltarosh sifatida yana bir narsani payqadim: taklif qilingan ishlar mutaxassis darajasida ijro etilmagan. Ularda jiddiy kamchiliklar bor. Ayrim mualliflar hatto tana a’zolarining anatomik mutanosibligida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishgan.
Balkim hammasiga sabab tanlovda aksariyat yosh haykaltaroshlar qatnashganidir?
Hamma gap shundaki, ushbu yosh haykaltaroshlar sohaning yetakchi oliygohini tugatishgan. Ular diplomli mutaxassislardir. Bu nimani anglatadi? Bu yerda xulosa faqat bitta bo‘lishi mumkin – kadrlar tayyorlashda katta xatoliklar bor. Suhbat boshida biz ushbu “kasallika” diagnoz qo‘yishga kelishgan edik. Mana sizga kasallik sabalaridan biri. Bu borada Alisher Navoiyning bir iborasini keltiraman. “Shayx birla madrasada nur ko‘rmadim”. Ushbu iborani bugungi zamonaviy san’at “madrasalariga” nisbatan ishlatsa bo‘ladi.
Ikkinchi kasallik ham ko‘pchillikka tekkan – hamma o‘z ishini bir xil tarzda – bronza rangga bo‘yab taqdim etgan. Shuning uchun ham ularning hammasi bir-biriga o‘xshash bo‘lib qolgan. Men ularni tayyorlash vaqti ustaxonlarda ko‘rganimda, ular qiziqroq ko‘ringan edi.
Men payqagan uchinchi kasallik, ayrim, unchalik muhim bo‘lmagan detallar, masalan poyabzal iplari juda sinchikovlik va diqqat bilan bajarilgan. Bugungi kunda Yevropa mamlakatlari bunday yondashuvdan voz kechgan. Hozir bunday arzimagan ishlar bilan hech kim shug‘ullanmaydi.
Bu bilan nima demoqchiman? Gap tugma teshigiyu, tufli iplarini aniq va batafsil ko‘rsatishda emas — obraz qidirish kerak!
Biz o‘z an’analarimiz haqida ko‘p gapiramiz. San’atda ham shunaqa o‘z an’anamiz va urf-odatimizni izlashimiz kerak. Bizning qadimiy faylasuflarimiz va o‘tgan asrning 30-yillarida ijod qilgan rassomlarimiz bularning hammasini yaxshi tushunar edi. Afsuski, yosh avlod ushbu urf-odatlarni bilmaydi.
Yuqorida aytib o‘tilgan muammolar bir kunda paydo bo‘lmagandir?
Ha, albatta. Hamma narsaning o‘z sababi bor. Bir boshidan ularni aytib o‘taman.
1991 yil, yangi davr boshlanishi, Milliy bog‘da o‘rnatish uchun Alisher Navoiy haykaliga tanlov e’lon qilindi. Menimcha, o‘shanda tanlov noto‘g‘ri amalga oshirilgan. Bu mening shaxsiy fikrim, lekin bunga ishonchim komil. Masalan, Navoiy sallasining uchi keragidan ortiq uzun qilib tasvirlangan. Vaholanki, shoirning o‘zi “Kishi nodon kabi sallasining uchi yerga tegib turmasligi va madrasa to‘rida gerdayib o‘tirmasligi”, haqida yozib qoldirgan.
Ushbu mavzuni Chingiz Axmarovning shogirdi Sodiq Raxmonov bilan muhokama qilganimda, Alisher Navoiy davrini juda yaxshi bilgan Axmarov ham ushbu narsaga e’tibor berganligining guvohi bo‘ldim. Uning fikriga ko‘ra, Navoiyning ushbu obrazini bir vaqtlar Varsham Yereman “Navoiy” filmi uchun o‘ylab topgan ekan.
Ma’lumki, kinochilar voqeani “biroz bezatish” uchun, ba’zan tarixiy haqiqatdan ham voz kechishlari mumkin. Afsuski, bir marta kinoda yaratilgan noaniq obraz san’atning boshqa sohalariga ham tarqaldi. Bir yolg‘on ikkinchisini paydo qildi. Bunga misollar ko‘p.
Damir Solijonovich, siz o‘zingiz ushbu tanlovda ishtirok etdingizmi?
Yo‘q, chunki tanlovlarda hech qachon omadim yurishmagan. Bundan oldin G‘ofur G‘ulom haykaliga tanlov e’lon qilingan edi. Men ham boshqalar qatori unda ishtirok etdim, lekin hali tayyorlanish jarayonida kim g‘olib bo‘lishi aniq edi.
Undan keyingi bo‘lib o‘tgan barcha tanlovlarning ham natijasi oldindan ma’lum edi. 90-yillar o‘rtalarida Namanganda Mustaqillik yodgorligiga tanlov e’lon qilindi. Biz unda me’mor Sergo Sutagin bilan ishtirok etib, g‘olib chiqdik. Hay’at a’zolari birinchi va ikkinchi o‘rin olgan asarlarni prezidentga ko‘rsatishga qaror qilishdi. Lekin, ke’morlar uyushmasiga kelganimda, mening ishim joyida qolib boshqa ishlar prezident oldiga olib ketilganini ko‘rdim. Bo‘lajak yodgorlik taqdirini oddiy ishni bajaruvchi mansabdor hal qilgan. Shunday qilib, tanlovda qonuniy g‘olib chiqqan asar o‘rniga, navbatdagi laylak paydo bo‘ldi.
So‘nggi marta esa, Pedagogika instituti oldiga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan Alisheo Navoiy haykali yaratishda ham ishtirok etgan edim. Unda hay’at kengash qayta-qayta o‘tkazilib bibzga uning qarori ma’lum qilinmadi. Faqat uchinchi kengashdan keyin tanlov natijasi e’lon qilindi. Bu albatta nonsens (bo‘lmagan ish). Bunaqa kengashni birinchi bor ko‘rib turibman. Tanlov natijasi kimgadir yoqmagan bo‘lsa qayta-qayta kenngash o‘tkazaverishgan.
Ko‘rib turganingizdek, bugungi kunda haykaltaroshlik achinarli holda. Oxirgi yillar daovmida u faqat bir tomonlama rivojlangan. Faqat yodgorliklar yaratilib boshqa janrlarga e’tibor berilmagan. Musiqani faqat simfoniya ko‘rinishida, adabiyotni faqat roman ko‘rinishida tasavvur qilish qiyin-ku! Shaharga boshqacha haykallar ham kerak.
Sizningcha birinchi navbatda nima qilish kerak?
Bizda hozir yuz berayotgan o‘zgarishlardan xursandman. O‘z Vatanimdan xursandman. Bo‘layotgan o‘zgarishlar vanihoyat san’at sohasigacha yetib kelishini istagan bo‘lardim. Eng asosiysi bir-ikkita – o‘ta manfaatparast amaldorlarni san’atdan ajratish kerak. Keyin, davlat miqyosida yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak — bizga shuncha rassom tayyorlash kerakmikan?
O‘zbekiston Birinchi prezidenti haykali yaratish borasida nima qilish kerak?
Mening fikrimcha, har bir zamon, har bir davr san’at asarlarida o‘z izini qoldiradi. Masalan, Qadimiy Yunonistonda san’at gullab yashnagan Perikl davridan – Parfenondagi dohiyona Fidiy asarlari, Yekaterina II davridan – Petr I haykali. Stalin davridan “Ishchi va kolxozchi” monumenti qolgan.
Bizning davrni aks ettiruvchi yodgorlik, bu – Ilhom Jaborov tomonidan yaratilgan Amir Temur haykali. Bugungi tanlov e’lon qilinmasdan oldin ham Islom Karimov haykali yaratishni aynan ushbu haykaltaroshga topshirish — tarixiy jihatdan haqli bo‘ladi deb hisoblar edim.