TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Ilgariroq 2017-yil 7-aprelidan Yaponiyaning Nagoya, Osaka, Fukuoka va Sendai shaharlaridan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar qilgan edik.
Xususan, 7-aprel kuni ushbu loyihadagi ilk qaldirg‘och reys 250 nafar sayyoh bilan Samarqand aeroportiga kelib qo‘ngani xabar qilingan.
"Bu oyning o‘zida yana ikkita shunday parvoz amalga oshiriladi. Samarqand shahri aeroportida mehmonlarni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muhtor elchisi (Ito Nabuaki janoblari), O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati, Samarqand viloyati hokimiyati va Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi", — deyilgan xabarda.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, apreldan oktabr oyiga qadar O‘zbekistonga Yaponiyaning turli shaharlaridan 10ta charter parvozlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Parvozlar orqali 2500 yaponiyalik mehmon yurtimiz bo‘ylab sayohatlarda ishtirok etadilar.