TOShKENT, 7 apr — Sputnik. 2017 yil aprelidan may oyiga qadar Yaponiyaning Nagoya, Osaka, Fukuoka va Sendai shaharlaridan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter havo qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
"Shuni qayd etish joizki, ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta O‘zbekiston va Yaponiyaning mintaqalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Birinchi charter qatnovi 250 nafar sayyoh bilan 7-aprel kuni Nagoya shahridan Samarqandga uchadi. Kunchiqar mamlakat sayohatchilari Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkentning diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishadilar.
Samarqandning Registon maydonida madaniy kecha uyushtiriladi. Unda O‘zbekiston san’at ustalari ijrosidagi ashula va raqslar xorijlik mehmonlarning e’tiboriga havola qilinadi. Bundan tashqari, milliy liboslar namoyishi tashkil etiladi", — deyilgan xabarda.