TOShKENT, 10 apr — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi binosida Armaniston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston hukumati matbuot-xizmati.
"2017 yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkentga MDH TIVKning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan Armaniston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Edvard Nalbandan bilan uchrashdi", — deyiladi xabarda.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Armaniston munosabatlarining hozirgi holati, turli sohalardagi aloqalar, jumladan MDH va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Armanistonning mavjud salohiyatini namoyon qilish nuqtayi-nazaridan savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikni rivojlantirishning amaliy masalalariga alohida e’tibor qaratildi.