TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosarlari Anvar Nosirov va Saidikrom Niyozxo‘jayevlarga Rossiya TIVning "Xalqaro hamkorlikka qo‘shgan hissasi uchun" faxriy nishonini topshirdi. Taqdirlash marosimi O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilgan MDH TIV kengashi yig‘ilishi yakunida bo‘lib o‘tdi.
"Bugun men O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri ikki o‘rinbosarining o‘zaro hamkorligimizga qo‘shgan hissasini qayd etib o‘tishni istardim. Xalqaro hamkorlikka qo‘shgan hissalari uchun Anvar Jamoliddinovich Nosirov va Saidikrom Farhodovich Niyozxo‘jayevlarga vazirligimiz nishonini topshirmoqchiman", — dedi Lavrov taqdirlash marosimida.
Lavrov MDH TIVK yig‘ilishi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi yakunlanishi bilanoq o‘tkazilishida o‘ziga xos ramziylik mavjudligini e’tirof etdi, deb yozadi RIA Novosti.
"Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimizning o‘zaro strategik hamkorlik, ittifoqchilikni chuqurlashtirishga intilishlarini sezib turibmiz va biz ham xuddi shu tarzda javob qaytaramiz. Ushbu maqsadlar prezidentlarimiz tomonidan yana bir bor tasdiqlandi", — dedi Rossiya TIV rahbari.
Lavrov Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH TIVK yig‘ilishini "keyingi vaqtdagi eng muvaffaqiyatli yig‘ilishlardan biri" deb e’tirof etishini bildirdi.
"Moskva sammiti va vazirlarning bugungi uchrashuvida hal qilinishi lozim bo‘lgan barcha masalalar muvaffaqiyatli ravishda o‘z yechimini topdi", — dedi u.