TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Shu kunlarda Toshkentda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Nashr MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning bu haqdagi fikrlarini keltirib o‘tgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashganimdan g‘oyat xursandman. Suhbatimiz keng qamrovli va juda mazmunli bo‘ldi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisini o‘tkazish uchun yaratilgan ajoyib imkoniyatlardan minnatdormiz", — degan Lebedev.
Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi kun tartibiga 16 hujjat loyihasi kiritilgan. Ular Hamdo‘stlik mamlakatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligini rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga qaratilgan.
"Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkentdagi majlisi MDH doirasidagi aloqalar rivojida muhim voqea bo‘lishiga ishonaman. O‘zbekiston xalqiga yanada taraqqiyot, baxt va farovonlik tilayman", — degan so‘zi yakunida Lebedev.