TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Ta’kidlanishicha, suhbat chog‘ida MDH doirasida erkin savdo zonasining to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini jadal rivojlantirish va butun mintaqaning tranzit salohiyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda mamlakatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlar amalga oshirilayotgani, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangani, Prezidentning virtual qabulxonasi, joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari odamlarning talab va istaklarini ro‘yobga chiqarayotgani, Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasidagi ishlar yurtdoshlarimizning davlatga ishonchini mustahkamlayotgani ta’kidlangan.
Lebedev Mirziyoyevga samimiy qabul, Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirgan.