TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligi matbuot xizmati "IPhone" uchun jinoyatga qo‘l urgan o‘spirinlar qo‘lga olingani haqida xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, o‘spirinlar Farg‘ona shahriga borib, shahar hududida joylashgan istirohat bog‘ini aylanib yurishgan va bir yigitning qo‘lidagi telefon aparatiga nazari tushib qolgan. Shunda ularda telefonni tortib olib qochish g‘oyasi tug‘iladi. Shunday ham qilishadi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ladilar.
Jabrlanuvchi fuqaro bu haqda darhol ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor tadbirlar natijasida telefon o‘g‘rilari ko‘p o‘tmay ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.